Avstriya va Germaniya gaz isteʼmolini kamaytirish va Rossiya energiya resurslariga qaramlikni qisqartirish maqsadida issiqlik elektr stansiyalariga ko‘mirni vaqtincha qaytarmoqda.
Avstriya hukumati Mellax shahrida ikki yil avval to‘xtatilgan ko‘mir elektr stansiyasini qayta ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Avstriyada Rossiya gazining ulushi importning 80% ni tashkil qiladi.
«Biz ko‘mir ishini tiklash uchun ushbu elektr stansiyasini qayta jihozlaymiz. Energiya taʼminotida uzilishlar bo‘lgan taqdirda bu stansiyani qayta ishlatish mumkin. Shuning uchun hozir qaror qabul qilish muhim. Har holda, texnik modernizatsiya va tayyorgarlik ko‘rish uchun bir necha oy kerak bo‘ladi», — dedi Avstriyaning atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Leonore Gevessler.
8 iyuldan Germaniyada ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalarining vaqtincha faol ishlashi to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinadi.
Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek vaziyat og‘ir ekanini, qishda taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik uchun energiya sarfini kamaytirish va yerosti gaz omborlarini to‘ldirish kerakligini aytdi. “Yashillar” vakili Xabekning fikricha, ko‘mirga qaytish juda dolzarb masala.


