Kecha, 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasida yangi avtomototransport vositalarini chakana sotish tartibini yana-da takomillashtirish hamda isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori eʼlon qilindi.
Yaʼni Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari quyidagi mazmundagi 119—1 band bilan to‘ldirildi:
"119—1. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasini tuzishda barcha isteʼmolchilarga teng imkoniyatlarni yaratadi.
Agar bozorda ustun mavqega ega sotuvchida o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransport vositasini sotishda ichki bozordagi talabni qondirish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, bir shaxs bilan 12 oy davomida avtomototransport uchun ikkitadan ortiq shartnoma tuzilganda, sotuvchi keyingi 12 oy mobaynida ushbu mahsulot uchun qayta shartnoma tuzishdan bosh tortish huquqiga ega".


