Prezident raisligida Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan videoselektr yig‘ilishida maʼlum qilinishicha, respublikada "Ijtimoiy himoya reestri"ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha to‘lovlardan ozod qilinadi.
Shuningdek, bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlar chorvasi bor aholiga kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat beriladi.
"Paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, bu yili kuzda va kelgusi yil bahorida yana 70 ming gektar ekin yerlarini aholiga tarqatish reja qilingan. Lekin hokimlar bugungi kungacha ajratilgan 200 ming gektardan samarali foydalanishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, suv taʼminoti va unumdorligi yaxshi bo‘lmagani uchun jami yerlarning 13 ming gektari yoki 8 foizi qarovsiz turibdi. Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda atigi 15 foiz yerlar ehtiyojmand oilalarga berilgan", — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib berilishi belgilandi.
Shuningdek, davlat rahbari bundan buyon tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishini taʼkidladi.
"Shu o‘rinda hokimlarni qatʼiy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali taʼminlanishi shart", - dedi Prezident.


