Kecha, 16 aprel kuni “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
- 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi;
- 2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining “bazaviy meʼyorlari”.
- 2024 yil 1 maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal isteʼmol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.
Qarorga muvofiq, quyidagi toifadagi isteʼmolchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
- Yagona reyestrga kiritilmagan, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar.
Shuningdek, isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga quyidagi kompensatsiya turlari taqdim etiladi:
- noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi;
- elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi isteʼmol uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
- tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy meʼyordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
- elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy meʼyordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.


