Bugun, 9 mart kuni “Aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 maydan benefitsiari byudjet va korporativ buyurtmachi hisoblangan to‘lovlar (quyidagi jadvalda keltirilgan) bo‘yicha to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi (yig‘imlar) to‘lovchi – jismoniy shaxsdan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undiriladi.
2023 yil 1 maygacha Toshkent shahrida huquqiy eksperiment tariqasida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pul yechish xizmatini ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.
“HUMO” va “UZCARD” to‘lov tizimlari o‘zaro integratsiyasi bosqichma-bosqich, jumladan:
—2023 yil maygacha bankomatlar;
—2023 yil yakunigacha to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlari yakunlanadi.
2023 yil 1 sentyabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi Markaziy bankning “Tezkor to‘lovlar” tizimiga integratsiya qilinadi.


