Toshkent shahrining Bobur ko‘chasi 69/6 va 69/7 uylar oralig‘idagi umumiy foydalanishdagi sochiq quritish (sushilka) uchun mo‘ljallangan ochiq balkonli xonalarni yuqorida ko‘rsatilgan uylarda yashovchi mulkdorlar o‘zboshimchalik bilan g‘isht va shunga o‘xshash og‘ir jismlar bilan o‘rab olgan.
Shu orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 159-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Qolaversa, Uy-joy kodeksi, Fuqarolik kodekslariga zid ravishda qayta rejalashtirish, noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirgan. Oqibatda, binoning texnik holati buzilgan.
Bu “Toshkent shahrini qurib qayta tiklash va obod qilish loyihalash instituti” AJ (TASHGIRPROGOR) tomonidan berilgan xulosada ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, mazkur manzildagi uylarning umumiy foydalanishdagi joylarini o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy tarzda ta’mirlash va qayta o‘zgartirish ishlari olib borilganligi sababli, bugungi kunda ushbu umumfoydalanishdagi binoni rekonstruksiya qilish maqsadga muvofiq emas deb topilgan.
Shuningdek, joriy yilning 18 iyun sanasida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori qabul qilingan bo‘lib, unda mazkur obyekt texnik talablarga javob bermasligi bois buzish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tilgan.


