Ispaniyaning “Barselona” klubi mavsum yakunida bosh murabbiy Xans-Diter Fliksiz qolishi mumkin. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, germaniyalik mutaxassisning kelajagi klub prezidenti saylovlari natijasiga bevosita bog‘liq. Agar amaldagi prezident Xuan Laporta o‘z lavozimida qolmasa, Flik ham jamoani tark etishi mumkin.
Qayd etilishicha, Flik o‘zini Laporta jamoasining bir qismi deb hisoblaydi va aynan uning rahbarligi davom etgan taqdirdagina “Barselona”dagi faoliyatini davom ettirishga tayyor. Klub prezidentligi saylovlari 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Xans-Diter Flik 2024 yil yozidan buyon Kataloniya klubini boshqarib kelmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi shartnoma 2027 yil iyun oyiga qadar mo‘ljallangan.


