Prezidentning «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi. Bu haqda Telegramdagi «Nigoh» kanali xabar berdi.
Xususan, ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritiladi
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar, qimmatbaho navlarning kesilishiga qo‘yilgan moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdorini 5 baravarga oshiriladi. Bunda, qo‘shimcha ravishda noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyatini belgilash hamda yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llash joriy etiladi.
Shuningdek, «O‘zbekiston Qizil» kitobiga kiritilgan hayvonlarning noqonuniy ovlanishi oqibatida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalarini 10 baravarga hamda o‘simliklarni o‘sishdan to‘xtash darajasigacha shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan ularga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan summa miqdori 5 baravarga oshiriladi.
Shu bilan birga, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va realizasiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash hamda suyuq maishiy chiqindilarni to‘kkanlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdorini 10 baravarga oshirgan holda qo‘llash rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, qo‘shimcha ravishda yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llashni joriy etish hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdorini 10 baravarga oshirish va ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarni hayvonlarni boqish huquqidan mahrum etishga mo‘ljallangan normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi.


