1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

Beylning taqdiri nima bo‘ladi?

Unga bir qator grand klublarning qiziqish bildirayotgani maʼlum.

Beylning taqdiri nima bo‘ladi?

 

“Real Madrid” tarkibida muvaffaqiyatsiz faoliyat olib borgan uelslik Garet Beylga ayni damda ko‘plab klublar qiziqish bildirmoqda.

So‘nggi yillarda klub uchun haqiqiy yuk bo‘lib kelgan futbolchining jamoa bilan shartnomasi yakuniga yetdi. Madriddagi ertak yakunlandi, biroq buning davomi qayerda? Mana shu savol hozirda ko‘plab muxlislarni qiziqtirayotgan bo‘lishi tabiiy. Endi 32 yoshli hujumchi yangi jamoa izlashi kerak.

 

Garetning atrofida hozirda juda ko‘plab mish-mishlar tarqalmoqda. Uning “Kardiff Siti”, “Xetafe”, “Tottenhem”, “Roma”, “Aston Villa”, “Nyukasl” va hattoki Amerikaning “DC Yunayted” jamoasiga o‘tishi haqida maʼlumotlar keng muhokama etilmoqda.

 

Futbolchining agenti Jonatan Barnett “Kardiff Siti” jamoasi haqida gapirdi: “Kardiff Siti” bilan variant juda ko‘p afzalliklarga ega. Beyl shu yerda tug‘ilgan va qarindoshlari ham shu shaharda yashaydi. Mening fikrimcha, bu bahsli variant. Hozircha u bilan bu masalani muhokama qilmadim”.

 

“DC Yunayted”, “Roma”, “Aston Villa” va “Nyukasl” variantlari haqida kam maʼlumot mavjud. Bir qator xorij nashrlariga ko‘ra, futbolchi o‘zining sobiq klubi hisoblangan “Tottenhem”ga qaytmaydi. Ular Beyl o‘z turmush tarzini o‘zgartirmaslik uchun Madridda qolmoqchi ekanligini yozishgan. Iyun oyi boshida Madrid shahri klubi “Xetafe” prezidenti Anxel Torres Sanches jamoaga Garet xizmatlari taklif qilinganini aytdi: “Biz Beylning agenti bilan futbolchining transferi borasida gaplashib oldik. U Garetni taklif etdi, biz esa buni ko‘rib chiqishga tayyormiz”. Beylning agenti futbolchining keyingi faoliyatidagi asosiy maqsadi pul ishlash emas, aksincha u o‘zi xohlagan jamoada o‘ynashni xohlayotgani haqida gapirdi.

 

Bir paytlar Angliya chempionatida porlagan va “Real Madrid” safida ham bir qancha ajoyib o‘yinlar o‘tkazgan Garedning faoliyati ham nihoyalab bormoqda. Hozirda maʼlum bo‘lishicha futbolchi “Real” muxlislari o‘rtasida ham norozilik kayfiyati mavjud. To‘rt yil oldin uning Yevropa chempionlar ligasi finalida urgan goli ishqibozlarning yodida bo‘lsa kerak.

 

Ammo Beyl uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jamoasi bor. Bu Uels terma jamoasidir. Garet klublarda qanday o‘ynamasin, Uels uchun u asosiy yulduz bo‘lib qolaveradi. 2022 yilgi jahon chempionati saralashida Ukraina bilan hal qiluvchi o‘yin oldidan Beyldan uning kelajagi haqida so‘rashganida hech qanday yangiliklar kutilmayotgani haqida gapirdi. Ushbu saralashda Uels termasi 64 yil ichida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Beyl esa bundan juda ham xursand edi: “Bu Uels terma jamoasi tarixidagi eng katta natija. Hammamiz hayajondamiz! Bu g‘alaba barcha muxlislarimizning g‘alabasidir. Bu tuyg‘uni hech qanday so‘z bilan taʼriflay olmayman”.

 

Ochig‘i, yaqinlashib kelayotgan jahon chempionati Beylning faoliyatidagi asosiy va ehtimol so‘nggi yirik turnir bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, chempionatga qadar Garet iloji boricha jarohatlardan qochishga harakat qiladi. Beyl o‘tgan mavsumda jarohatlar tufayli 147 kunni o‘tkazib yubordi. U shu tariqa “Real Madrid” tarkibida 34 ta o‘yinda maydonga tusholmagan.

 

Jamshidbek Amirov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика