Eron ustidagi havo hududining yopilishi munosabati bilan bir qancha aviakompaniyalar parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi. Bu haqida xabar bermoqda.
Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat sabab "Jazeera airways" aviakompaniyasining Toshkent – Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9-1650 reysi soat 04:50da uchib Toshkent aeroportiga qaytdi – samolyot mahalliy vaqt bilan soat 07:06da jo‘nash aeroportiga qo‘ndi.
Shuningdek, "Fly Dubai" aviakompaniyasining Dushanbe – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha F3-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 08:32 da Toshkentga kelib qo‘ndi. Ekipajning dam olishi munosabati bilan Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 21:00ga belgilangan. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtiriladi.
"Fly Dubai" aviakompaniyasining Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha reysi ham soat 04:58da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Shuningdek, Madina – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha reys ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ngan.


