Turkiya hukumati Madrid memorandumining amalga oshirilishini ko‘rmasa, Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zoligi haqidagi hujjatni parlamentga yubormaydi, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li.
Madriddagi NATO sammitda Shvetsiya, Finlandiya va Turkiya xavfsizlik bo‘yicha memorandumni imzoladilar. Bu Xelsinki va Stokgolmning alyansga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga zamin yaratdi. Mamlakatlar terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi choralar ko‘rish, ma’lumot almashish va ekstraditsiya bo‘yicha kelishib oldi.
“Parlamentga yuborishdan oldin imzolangan Madrid memorandumining bajarilishini ko‘rishimiz kerak. Parlament meni to‘g‘ri tushunsin, lekin uni jo‘natishdan oldin hujjat ijrosini ko‘rishimiz kerak. Bizga berilgan va’dalar amalga oshmasa, bizda veto huquqi bor”, — dedi Chavusho‘g‘li.
Hozirga qadar NATOning qator davlatlari protokollarni allaqachon ratifikatsiya qilgan.


