Germaniya kansleri Olaf Shols Fransiyaning Strasburg shahrida Yevroparlamentda deputatlar oldida nutq so‘zladi va Yevropa Ittifoqi kelajagini muhokama qildi.
Kansler Olaf Shols Yevropa o‘z chegaralaridan tashqarida ham global masʼuliyatga ega ekanini taʼkidladi. «Chunki Yevropa farovonligini dunyoning qolgan farovonligidan ajratib bo‘lmaydi». Uning fikricha, XXI asrda dunyo ko‘p qutbli bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Shols Yevropa Ittifoqi uchun uchta saboqni ajratib ko‘rsatdi.
«Birinchidan, Yevropaning kelajagi bizning qo‘limizda. Ikkinchidan, Yevropa qanchalik integratsiyalashgan bo‘lsa, yaxshi kelajakni taʼminlash shunchalik oson bo‘ladi. Uchinchidan, ishlar tartibida ochiqlik va hamkorlik ko‘proq bo‘lishi kerak», — dedi Germaniya kansleri.
Nemis siyosatchisi fikricha, Yevropaning ertangi dunyoda o‘rnini taʼminlash uchun Yevropa Ittifoqi o‘zgarishi kerak.
«Bizga kengaygan va isloh qilingan, kelajakka ochiq Yevropa Ittifoqi kerak», — dedi u.
Shols global janub mamlakatlari ko‘p qutbli dunyoda muhim hamkorlar ekanini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, Yevropa oziq-ovqat xavfsizligini himoya qilishi, qashshoqlikni kamaytirishi, iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini xalqaro formatda bajarishi kerak.
«Bizni qadriyatlarimizga xiyonat qilmasdan, noqonuniy migratsiyani yaxshiroq boshqarish va tartibga solish maqsadi birlashtirdi», — deb taʼkidladi Shols migratsiya va boshpana siyosati haqida gapirar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning ko‘p joylarida uchinchi davlatlardan ishchilar talab qilinadi.


