Davra suhbatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining Huquqiy islohotlar dasturi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur tadbirda 30 nafar mahalliy ishbilarmonlar, tadbirkorlik uyushmalari va birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad ayollarning huquqiy bilimini yana-da kengaytirish, ular orasida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy ishbilarmonlarni boshpana va inqiroz markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga jalb etishdan iborat.



Xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi faolligi iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli mamlakatimizda barcha sohalarda gender tengligini rag‘batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Xususan, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishonchli qonunchilik bazasi yaratilgan.


Gender tenglikka erishishga yo‘naltirilgan islohotlar natijasida 2017 yildan bugungi kunga qadar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtiroki 21 foizdan 37 foizga oshdi.
O‘zbekiston gender tengligini taʼminlash borasida dunyoning eng tez rivojlanayotgan beshta davlatidan biri sifatida eʼtirof etildi.
Erishilgan natijalarga qaramasdan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, qobiliyatlarini va tadbirkorlik salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

.webp)
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlar forumi doirasida davlatimiz rahbari “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar va O‘zbekistonda “BMT ayollar” tuzilmasining vakolatxonasini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu harakatlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yana-da kengaytirish yo‘nalishida mintaqaviy darajada keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.


