“9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Samarqand va Nurafshon shaharlarida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Bank masʼullari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va prokuratura xodimlari, mijozlar, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirlarda korrupsiyaning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

Xususan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga jazo muqarrarligi, respublika bank tizimida korrupsiyaga oid uchrayotgan salbiy holatlar haqida aytib o‘tildi.
"Ochiq eshiklar kuni" tadbirlarida “Biznesni rivojlantirish banki”ning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi tashqi auditdan o‘tkazilgani va ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb topilgani maʼlum qilindi.

Shuningdek, bankning 24/7 rejimda faoliyat yuritayotgan mavjud aloqa kanallari orqali korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xabar berish tartibi haqida taqdimot o‘tkazildi.
So‘zga chiqqanlar raqamli xizmatlarning tatbiq etilishi natijasida bankda inson omili va korrupsiya xavfi darajasi kamayib borayotganini taʼkidlashdi.
Masalan, bugungi kunda kredit berish avtomatlashtirilgan anderrayting tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Ko‘plab xizmatlar mobil ilova orqali onlayn tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Xarid jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi. Kontragentlarni qo‘shimcha manbalardan o‘rganish tizimi ham joriy qilingan.

Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuvi “Complaens control” tizimi orqali monitoring qilib boriladi. Mijozlarni firibgarlik xatarlaridan saqlash maqsadida “Antifrod” tizimi tatbiq etilgan.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari Aksilkorrupsiya oyligi doirasida respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


