1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Bloger Abduqodir Mo‘minov sudi 25-iyulda boshlanadi

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchiga 900 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. Shuningdek, avvalroq IIV bloger tashkilot rahbaridan 70 ming dollar talab qilganini ma'lum qilgandi.

Bloger Abduqodir Mo‘minov sudi 25-iyulda boshlanadi

 

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Abduqodir Mo‘minov (1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, “Oynaga qarang” MCHJ rahbari, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, uni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni joriy yilning 25-iyul kuni soat 15:00 da boshlanishi belgilandi.

 

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi S. Sodiqov raisligida ko‘rib chiqiladi.

 

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.

 

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 2 moddasi bilan ayblanib, protsessual tartibda ushlangan. IIV matbuot kotibiga ko‘ra, Toshkent shahri IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minovning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Murojaat asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

 

Mo‘minov 2021 yil oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirgani aytilmoqda.

 

IIV maʼlumotida u o‘z xizmatlari uchun jami 10 ming dollar so‘rab, shundan 3,8 ming dollarni oldindan olgani, lekin bergan vaʼdasini bajarmay, olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani keltirilmoqda.

 

Bundan tashqari, 2021-yilning oktyabr oyida bloger Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlagani, bu materialni o‘zining “Ko‘zgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytgani iddao qilinmoqda. Shuningdek, A.T. ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, undan ushbu maʼlumotlarni sir saqlashi uchun 70 ming dollar so‘ragani vazirlik xabarida aytib o‘tilgan.

 

Fuqaro A.T. o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audioyozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan, deyiladi vazirlik bayonotida.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика