Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan barcha davlatlar o‘z harbiy doktrinasi, harbiy texnika va qo‘shinlar taʼminotini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bloomberg tahlillariga ko‘ra, mojarodan bir yil o‘tib dunyoda yangi qurollanish poygasi boshlandi.
Agentlik nafaqat Yevropa davlatlari, balki AQSH, Xitoy, Tayvan va Hindiston ham harbiy strategiyasini o‘zgartirmoqda. Ukrainaning yonida joylashgan ko‘plab mamlakatlar mudofaa sanoati quvvatlarini kengaytirdi, harbiy xarajatlar, tanklar, artilleriya va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari soni keskin oshirildi.
Shu bilan birga ayrim amerikalik amaldorlar Yevropa va Osiyo xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni o‘zaro bog‘langan yoki yagona holatda ko‘rmoqda. “Katta yettilik” va BRIСS‘ning baʼzi davlatlarida yadro urushidan tortib oziq-ovqat yetishmovchiligi muammosini anglash oshdi.
Bloomberg‘ga ko‘ra, NATO davlatlarining mudofaa xarajatlari 1980 yillardan to 2022 yilgacha barqaror tarzda qisqartirib kelindi. Ammo Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, harbiy maqsadlarga sarflangan pullar ko‘paydi. Masalan, 2023 Polsha mudofaa xarajatlarini 2 barobarga oshirdi. Davlat byudjetining ushbu sektorga yo‘naltirgan mablag‘lari 97.4 milliard zlotiy (22 milliard dollar)ga yetdi. Yana 30-40 milliard zlotiy (6.7-8.9 milliard dollar) byudjetdan tashqaridagi armiya fondidan ajratiladi. Umuman Varshavaning mudofaa xarajatlari YAIMning 4 foizini tashkil etmoqda.
Shuningdek, Germaniya 2022 yilda 100 milliard yevrodan iborat maxsus fond tuzganini qayd etish lozim. Tahlilchilar 2024 yilda nemislar mudofaa uchun 10 milliard yevro ko‘p sarflashini prognoz qilishmoqda. O‘tgan yili rasmiy Berlin 2024-2030-yillar uchun harbiy xarajatlarga 400 milliard yevro ajratilishini eʼlon qilgandi. Bu o‘tmishdagi mudofaa xarajatlaridan 1/3 ga ko‘p.
Bundan tashqari, NATO davlatlari Rossiya bilan harbiy to‘qnashuv boshlangan taqdirda arsenallari tezda bo‘shab qolishidan xavotirga tushgan. Bloomberg suhbatdoshlaridan biri G‘arb davlatlarining Afg‘oniston, Livan, Mali va Iroqdagi 13 yillik ishtiroki davomida Caesar gaubitsalaridan otilgandan ko‘proq snaryadlarni rus harbiylari Donbassda bir haftada sarflashi mumkinligini aytgan. Buyuk Britaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, Birlashgan Qirollikning 155 mmli artilleriya snaryadlarining bir yillik zaxirasiga teng snaryadlar yozda Rossiya tomonidan ikki kunda, Ukraina tomonidan esa kuzda bir haftada ishlatilgan.
“Bu post sovuq urush davrining yakunini anglatadi va u 2022 yilning 24 fevral kuni tugadi. Barcha armiyalar bu bosqichdan o‘tadi. Hozir hech kimda, jumladan, AQSHda ham yirik va intensiv urush olib borish zaxiralari yo‘qligi ko‘rinib qoldi”, – degan harbiy tahlilchi Fransua Xeysburg.
Bundan tashqari, Ukraina mojarosi butun dunyoda qurollar ustidan nazoratning susayishiga olib keldi. Xususan, Rossiya va AQSH strategik hujumkor qurollar bo‘yicha shartnoma muzokaralarini to‘xtatdi.


