BMT Bosh Assambleyasi 25-iyul kuni o‘tkazilgan 77-sessiyasining yalpi majlisida "Nafrat so‘zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash» rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Rezolyutsiya 49 ta davlat tomonidan tayyorlandi. Ular orasida O‘zbekiston, Xitoy, Ozarboyjon, Pokiston, Bahrayn, Iordaniya, Misr, Iroq, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni, Qatar va Quvayt, ayrim Afrika davlatlari, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hammuallif sifatida qatnashdi.
Rezolyutsiyada Qurʼonni tahqirlash holatlari, diniy kamsitish, nafrat va zo‘ravonlik holatlari ko‘payganidan xavotir bildirilgan. Shuningdek, ularni amalga oshirgan shaxslar kim bo‘lishidan qatʼi nazar, islomofobiyadan motivatsiya olgani qayd etilgan.
Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi va chorlovi – diniy ramzlar, muqaddas kitoblar, uy-joy, korxonalar, mulk, maktablar, madaniyat markazlari yoki ibodat joylariga qarshi qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarini, shuningdek, xalqaro huquq meʼyorlariga zid ravishda diniy obidalar, diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga hujumlarni qoralashdan iborat.


