Bosh Assambleyadagi bu ovoz berish Qo‘shma Shtatlar o‘tgan hafta Xavfsizlik Kengashida Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan ilgari surilgan o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga to‘sqinlik qilib, veto qo‘yganidan keyin bo‘lib o‘tdi.
Xavfsizlik Kengashidan farqli o‘laroq, hech bir davlat Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolarini(jami 193 mamlakat) o‘z ichiga olgan Bosh Assambleyada veto huquqiga ega emas. Shuningdek, Xavfsizlik Kengashidan farqli o‘laroq, Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyalar majburiy emas va xalqaro huquq kuchiga ega emas. Shunga qaramay, u xalqaro munosabatlarda maʼlum bir siyosiy vaznga ega.
Mazkur rezolyutsiya Misr tomonidan ishlab chiqilgan va 100 ga yaqin davlatlar tomonidan ilgari surilgan. Bu zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi qisqa va sodda rezolyutsiya.
Ovoz berishdan oldin AQSH va Avstriya rezolyutsiyaga HAMASning 7 oktyabrdagi teraktlarini ochiqdan-ochiq qoralovchi tuzatishlar kiritishga harakat qilishdi. Ular ushbu tuzatishlar rezolyutsiya matniga kiritilishi uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovoziga erisha olmadi.
Shundan so‘ng Bosh Assambleya zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi Misrning dastlabki rezolyutsiyasiga ovoz berdi. Qaror ko‘pchilik ovoz bilan maʼqullandi: 153 davlat yoqladi, 10 davlat qarshi, 23 davlat betaraf.


