“Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga keltirilishicha, 2022 yil 1 maydan bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. Bunda:
— tovarlarni qadoqlash, o‘rash (shu jumladan, qayta o‘rash), saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanadi;
— tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi;
— qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari qayta ishlovchi subyekt tomonidan tasdiqlanadi va bojxona organiga taqdim etiladi;
— aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash bo‘yicha 2 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bojxona organi tomonidan umumiy ruxsatnoma beriladi;
— maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini taʼminlash tartibi qo‘llanilmaydi;
— qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona boji undirilmaydi.
Tovarlar eksporti uchun bojxona yig‘imlari stavkalari, imtiyozlar, preferensiyalar va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa choralar “reeksport” bojxona rejimida olib chiqiladigan qayta ishlash mahsulotlariga ham tatbiq etiladi.


