1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Bo‘kada tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxs vafot etdi

Voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.

Bo‘kada tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxs vafot etdi

 

IIVning maʼlum qilishicha, 4-iyun kuni navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida bir qator o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3-iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan U.S. himoyachisi X.Yuldasheva ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.

 

«Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00 da JPKning 227-moddasi bilan prosessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi ‘Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi‘ga joylashtirilgan. Shu kuni soat 23:30 lar atrofida gumonlanuvchi U.S. ning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan», — deyiladi IIV xabarida.

 

Holat yuzasidan ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ya.Abdulxakov, IIV shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganilgan hamda voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.

 

Aniqlanishicha, 3-iyun kuni soat taxminan 22:00 lar atrofida gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan prosessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan.

 

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra U.S. ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan. Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh. lar hibsga olingan.

 

«Xolis tergov va tekshiruvni taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi masʼuli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatildi. Shuningdek, vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB masʼul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza maʼlum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi», — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot xizmatining maʼlum maʼlum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика