Mamlakatimizda maktabgacha va maktab taʼlim tizimida sog‘lom ovqatlanishni taʼminlash, bunda bolalar va yoshlar o‘rtasida semizlikni 30 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, “Aholi salomatligi —2030” milliy strategiyasi loyihasining 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasiga ko‘ra, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlar kuchaytiriladi.
Shuningdek, taʼlim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, taʼm va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va ularning isteʼmolini kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy mashqlar va gigiyena qoidalari bo‘yicha tavsiyalar to‘plamini yaratish mo‘ljallangan.


