Har qanday inson o‘z shaxsiy chegaralariga ega bo‘lishi va ularni himoya qilish kerak. Ijtimoiy tarmoqlardagi “psixologlar”dan tez-tez bu haqda eshitib turamiz.
Xo‘sh, insonning shaxsiy chegarasi bo‘lishi yomonmi? Aslida “shaxsiy chegaralar” to‘qnashmaguncha ularning hech kimga zarari tegmaydi.
Ammo bugun kattalar emas, balki bolalarning shaxsiy hududiga to‘xtalamiz.
Afsuski, yangiliklar orasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va tegajog‘lik holatlari qulog‘imizga chalinib turibdi.
Farzandlarimizni bunday holatlardan himoya qilish uchun unga tanasi faqat unga tegishli ekani va HECh KIMning unga yaqinlashishga haqqi yo‘qligini tushuntirish kerak. Bu 100 foizlik himoyani bermasa-da, kerakli joyda “yo‘q” deyishni taʼminlashi mumkin.
Psixologlar ham aynan shaxsiy chegaralarni “yo‘q” deya olish va buning uchun o‘zini aybdor qilmaslik, o‘z haqqini talab qilish va birovning sizni yerga urishiga yo‘l qo‘ymaslik hissi deb taʼriflaydi.
Bolaga o‘z shaxsiy hududini qanday tushuntirish kerak?
1. Bolaga o‘z hududini qadrlashni o‘rgating
Avvalo, bolaga uning tanasi muhim ekanini tushuntirish kerak. Bola sizning chegarangizni hurmat qilishi bilan birga siz ham uning chegaralarini hurmat qilishingiz shart.
Bola sizdan namuna olib, kelajakdagi munosabatlarini sizga taqlid qilgan holda quradi.
2. Toksik kattalardan bolani himoya qiling
Agar bolaning buvisi ovqatni oxirigacha yeb qo‘yishni talab qilsa, oilaviy o‘tirishlarda kimdir uni sher aytib berishga majburlasa, bola istamasada, uni quchoqlash, o‘pishga harakat qilishsa, bu normal holat emasligini bolaga tushuntirish kerak. Shuningdek, begona kattalarga sizning ruxsatingizsiz bolaga yaqinlashish imkonini bermaslik shart. Bolaga ham bu muhimligini tushuntirish, bunday hollarda albatta ota yoki onasiga vaziyatni aytib berishga o‘rgatish kerak.
Shunda bola tashqi bosimlarga qarshi turishni o‘z onasi misolida ko‘radi va katta hayotda ham shunga amal qiladi.
3. Giper nazoratga chek qo‘ying
O‘smir yoshdagi bolaning xonasiga taqillatmasdan kirish mumkin emasligi, uning telefonlarini ruxsatisiz tekshirish mumkin emasligini yodda saqlang. Aks holda bolaning ota-onaga ishonchi yo‘qoladi va u gap bekitishni boshlaydi. Bola bilan nazorat chegaralari va shakllarini kelishib olgan maʼqul.
Eng kichik yoshidanoq bolaning hayotida nimalar sodir bo‘layotganini tergov shaklida emas, balki suhbat shaklida so‘rab borish tavsiya qilinadi. Shunda shaxsiy hududiga qilingan tahdid yillar o‘tib emas, balki o‘sha vaqtning o‘zidayoq ota-onaga ayon bo‘ladi.
4. Jinsiy tarbiya
Bolaga shifokordan boshqa hech (ota-ona yoki o‘zining ruxsati bilan) kim uning badaniga qo‘l tekkizishi mumkin emasligini qatʼiy uqtiring. Gap tana haqida ketganda shaxsiy chegaralar yo‘qligi zo‘ravonlik bilan bog‘liq ruhiy travmalar qoldirishi mumkin.
Bolaga hech kim unga og‘riq berishi va unga nisbatan behurmatlik qilishi mumkin emasligini aytib turish kerak. Bunday suhbatlarni 2-3 yoshdanoq boshlash mumkin.
Shunda bola tana ham himoya qilinishi kerakligini anglaydi va HECh KIMning ruxsatsiz yaqinlashishiga qo‘ymaydi.
Bolada shaxsiy chegara tushunchasi uning boshqalardan ajralishiga olib kelishidan qo‘rqmaslik kerak. Aksincha, bu tushunchaning yo‘qligi ularning tengdoshlari yoki kattalar tomonidan bosimga, zo‘ravonlikka, tegajog‘liqqa uchrashidan asrashiga eʼtibor qaratish lozim.


