Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari personal va alohida sektorlarga qaratilgan bo‘ladi. Bu haqda YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel maʼlum qildi.
“Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali harbiy yordam hajmini ko‘paytiramiz. Shu bilan birga biz yangi restriksiyalar — personal va alohida sektorlarga qaratilgan cheklovlarni qabul qilamiz”, – degan diplomat.
Shu bilan birga Yevropa bosh diplomati Ukrainaning qator hududlarining Rossiyaga “qo‘shilishi” bo‘yicha “referendumlar” o‘tkazilishi fonida imkon qadar tezkor ravishda sanksiyalar joriy etilishini aytgan.
Maʼlumot o‘rnida: Tan olinmagan “DXR” va “LXR”, shuningdek, Zaporojye va Xerson viloyatlaridagi rossiyaparast maʼmuriyat 23-27 sentyabr kunlari RF tarkibiga kirish uchun “referendumlar” o‘tkazilishini eʼlon qildi. G‘arb va dunyoning aksariyat davlatlari bu amaliyotni tan olmasligini maʼlum qilgan.


