Namangan shahrida boshqa bir haydovchining jarimasi xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevga yozilgani aniqlandi. Viloyat YHXB holat bo‘yicha tushuntirish berdi.
Unga ko‘ra, davlat raqam belgisi 50 M 434 KA bo‘lgan Lacetti 4 avgust kuni soat 14:09 da Namangan shahar 4R-117 avtomobil yo‘lining 15–34-kilometrlari, harakat tezligi 60 km/s chegaralangan joyda 72 km/s tezlik bilan harakatlanib kelgan va bu bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128,3-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan.
Holat yuzasidan elektron tizim taqdim etgan maʼlumot asosida fuqaro Ahmadaliyev Jaloliddin Komiljon o‘g‘liga tegishli bo‘lgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyota‘ga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror shakllantirilgan.
Yuzaga kelgan texnik xatolik sababli shakllantirilgan qaror ishni ko‘rib chiqqan xodim tomonidan joyida bartaraf etilib, qaror Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-qismiga asosan bekor qilingan. Biroq shakllangan qaror O‘zbekiston pochtasi AJ tomonidan ushbu fuqaroning yashash manziliga yuborilgan.
Hozirda yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, huquqbuzarlik sodir etgan 50 M 434 KA davlat raqam belgili Lacetti‘ning mulkdoriga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror shakllantirilib, tegishli taʼsir chorasi qo‘llangan.
Maʼlum qilinishicha, Jaloliddin Ahmadaliyev Komiljon o‘g‘liga tegishli bo‘lgan 40 T 025 FB davlat raqam belgili Toyota‘ning jami 9 ta holatda 8 million 250 ming so‘m miqdordagi qarzdorligi mavjud.


