Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaruning yuzlab tarafdorlari mamlakat Milliy Kongressiga bostirib kirdi. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, deb xabar berdi ВВS.
Ular Oliy sud binosi va prezident saroyiga ham kirgan. Hujum uch soat davom etgan. Shundan so‘ng politsiya tartibsizlik ishtirokchilarini hibsga olgan.
Braziliya parlamenti va boshqa hukumat binolariga hujum mamlakatning yangi prezidenti Lula da Silvaning inauguratsiyasidan bir hafta o‘tib sodir bo‘ldi.
Bolsonaru tarafdorlari uning saylovdagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortmoqda.
Ayni paytda amaliy tashrif bilan San-Paulu shtatida bo‘lgan Luis Inasio Lula da Silva isyonchilar «vandalizm va fashizm harakatlari» sodir etganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisa mamlakat tarixida hech qachon bo‘lmagan.
«Vandallar singari, ular ham oldilaridagi hamma narsani vayron qilmoqdalar. Xavfsizlik to‘g‘ri taʼminlanmagan deb hisoblaymiz. Aybdorlarning hammasi jazolanadi», — deydi Lula.
Eslatib o‘tamiz, Braziliyaning chap qanot yetakchisi Luis Inasiu «Lula» da Silva o‘tgan saylovda Jair Bolsonaruni qiyinchilik bilan mag‘lub etib, uchinchi marta prezident bo‘lgandi.


