Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak xavfsizlik kamari taqmagani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bosh vazir yo‘lovchi sifatida avtomobilda kelayotgan bo‘lgan. U Angliya shimoli-g‘arbidagi Lankashir grafligida politsiya tomonidan to‘xtatilgan.
Jarima miqdori 100 funt-sterlingdan 500 funtgacha borishi mumkin. Dauning-strit bayonotida aytilishicha, Sunak aybini to‘liq tan olgan va uzr so‘ragan. Shunindek, u jarimani to‘liq to‘lashi maʼlum qilingan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bosh vazir Britaniya hukumatining mintaqalarni rivojlantirish dasturi bo‘yicha videorolik olinayotgan paytda xavfsizlik kamarini yechgan.
Bu Sunakning hukumatdagi faoliyati davomida olgan ikkinchi jarimasi. O‘tgan yili aprelda u karantin choralarini buzgani uchun ham jarimaga tortilgandi.


