Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘y marosimida qo‘shiq kuylab, mehmonlar tomonidan qistirilgan pullarni olayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Vaziyatga Madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O'sarovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, video 2025-yil 25-oktyabr kuni vazirlik xodimlaridan birining nikoh to‘yida olingan. Unga ko‘ra, vazir ushbu holatni oldindan rejalashtirmagan, ammo fuqarolar tomonidan uzatilgan pullarni rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, hattoki kamsitish yoki mensimaslik sifatida talqin qilinishi mumkin edi.
Madaniyat vazirligi ta’kidlashicha, to‘y marosimlarida xonandalarga pul qistirish amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan. Bu holat xalqimiz orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi bo‘lib, o‘zbekona an’analarda “orzu-havas” sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, vazirlik Ozodbek Nazarbekov nafaqat vazir, balki taniqli xonanda, bir necha davlatlarning xalq artisti va xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi ekanini eslatdi. Shu bois, to‘yda kuzatilgan holat uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholanishi lozimligi qayd etildi. Vazirlik xulosasiga ko‘ra, inson egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z kasbidan ajralib keta olmaydi.


