“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, yangi yilning dastlabki kunlarida O‘zbekiston hududida asosan o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Ko‘plab hududlarda yog‘ingarchilik kam bo‘ladi, ayrim kunlari esa yomg‘ir yog‘ib, qor ko‘rinishiga o‘tishi mumkin. Ba’zi joylarda tuman tushishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol asosan sharqdan g‘arbga o‘zgarib, 7–12 m/s tezlikda esadi, 1–2 yanvar kunlari ayrim joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechalari 2 daraja sovuqdan 8 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari esa 0–8 daraja iliq atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Faqat 3 yanvar kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ib, qor aralash yog‘in kuzatilishi mumkin. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 3–4 yanvar kunlari qisqa muddatli yog‘ingarchilik ehtimoli bor. Harorat kunduzlari asosan 3–13 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Janubiy va sharqiy hududlarda, jumladan Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ayrim kunlari yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning tog‘li hududlarida esa vaqti-vaqti bilan yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, yangi yilning ilk haftasi nisbatan yumshoq, ammo o‘zgaruvchan ob-havo bilan o‘tishi prognoz qilinmoqda.


