1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Buxorodagi masjid shiftidan noyob bitiklar va Qurʼonning 200 yil ilgari yozilgan qo‘lyozmasi topildi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani “Ulfatbibi” MFYga qarashli Xo‘jamahalla qishlog‘idagi “Xo‘jalar” masjidi shiftidan noyob bitiklar hamda Qurʼon kitobining 200 yillik qo‘lyozma nusxasi topildi. Bu haqda “Daryo”ga “Xo‘jalar” masjidi imom xatibi Hasan Rajabov maʼlum qildi

Buxorodagi masjid shiftidan noyob bitiklar va Qurʼonning 200 yil ilgari yozilgan qo‘lyozmasi topildi

Taʼkidlanishicha, “Xo‘jalar” masjidi 1924 yilda qurilgan bo‘lib, qatag‘on yillaridan boshlab masjid oyog‘osti qilingan va binodan uzoq yillar davomida paxta quritish punkti hamda don, g‘alla omborxonasi sifatida foydalanib kelingan. Mustaqillik yillarida esa binoda naridan beri madaniy-oqartuv ishlari amalga oshirilgan. 2018 yilda esa ko‘rimsiz holga kelgan masjid binosining tashqi ko‘rinishi homiylar ko‘magida zamonaviy qiyofaga keltirilgan.

Shunga ko‘ra, mutasaddilar qadimgi savdo yo‘li — Buyuk ipak yo‘li yoqasida joylashgan xonaqoh sifatidagi ushbu masjidning ko‘rkamligini yana-da oshirish chora-tadbirlarini belgilagan.

Viloyat madaniy meros agentligi badiiy ekspertiza bo‘limi boshlig‘i Umid Jumayevga ko‘ra, masjid ikki qator sinjli “dusinja” uslubida barpo etilgan bo‘lib, uch tomoniga ayvon ham qurilgan. Ayvonini 7 ta o‘ymakor ustun ko‘tarib turgan xonaqoh 10,5 x 10,5 metr bo‘lib, balandligi 4,5 metrni tashkil etadi. G‘arbiy va sharqiy devorlari «tokcha bandi» uslubida qurilgan. Tomi ikki qator to‘rtta o‘ymakor ustunli hamda uch qator bolor to‘sin bilan “vassajuft” uslubida yopilgan.

«Masjidning eng qimmatli va noyob jihati uning ichkarisidagi xattotlik bitiklari — yozuvlaridir. Masjiddagi yozuvlar nastaʼliq xatida fors tilida bitilgan. Husnixati nihoyatda go‘zal qora bo‘yoqda bajarilgan. Unda qurilgan sanasi 1343-hijriy (milodiy 1924 yil) ekanini ko‘rsatadi», — deydi Umid Jumayev.

Bildirilishicha, mazkur masjid madaniy meros yodgorligi sifatida ro‘yxatga olinib, davlat muhofazasiga o‘tkaziladi.

«Bir go‘zal maqsadlar bilan masjidda ish boshlab, uning eski va ko‘rimsiz shift qismi ochilayotgan vaqtda noyob bitiklar hamda qadimiy qo‘lyozmada yozilgan Qurʼon kitobi chiqdi. Bu hammamizni hayratlantirdi va Allohning uyi hisoblangan har bir masjid hali biz bilmagan moʻjizalarga boy ekanini yana bir karra isbotladi. O‘rganuvlarga ko‘ra, ushbu Qurʼon kitobining qo‘lyozma shakli qariyb ikki asrlik tarixga ega», — deydi “Xo‘jalar” masjidi imom-xatibi Hasan Rajabov.

Buxoro davlat muzey-qo‘riqxona “Hujjatlar” fondi ilmiy xodimi, sharqshunos Axtam Ahmedov masjid shiftidan topilgan noyob bitiklarda Saʼdiy Sheroziyning shoh baytlari, hadislar va tasavvufga oid hikmatlar, tibbiy tavsiyalar mavjudligini bildirgan. Ushbu bitiklar «faqir banda Abdurahmon» tomonidan yozib qoldirilgani maʼlum bo‘lgan. Ular noyob tarixiy topilma sifatida masjidda qoldirilgan.

Xo‘jamahalla qishlog‘ida yashovchi 90 yoshli Inoyatxon Ahamiyatovning aytishicha, “Xo‘jalar” masjidini tiklashda shu qishloqda yashab o‘tgan Umarxon eshon va Ismoilxon eshonlar bosh-qosh bo‘lgan.

«Ismoilxon Bahouddin Naqshband hazratlarining eshonlaridan biri bo‘lgan. Masjid 1924 yilda usta Po‘lat boshchiligida 15 nafar usta tomonidan besh yilda qurib bitkazilgan. O‘rislar yoqib yubormasligi uchun shu masjidda bekitilgani hamda masjid qoshidagi Adizlar qabristonida ham shunday kitoblar ko‘mib qoldirilganini eshitganmiz», — deydi Inoyatxon Ahamiyatov.

Ayni paytda masjid shiftidan topilgan noyob bitiklar hamda Qurʼon qo‘lyozmasiga oid izlanishlar olib borilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика