Respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. Mazkur holatga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kunlar keskin soviy boshlagandan so‘ng iste’molchilarning elektr energiyasi va gazga bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining ham keskin pasayishi kuzatilmoqda.
Buning natijasida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining pasayishiga olib kelmoqda.
“Shunday hollarda elektr energiyasini ishlab chiqarish obektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlari hamda podstansiyalarda yuklamalarning ortishi natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish maqsadida respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar kiritishga majbur bo‘linmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ayrim hududlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi ham kuzatilmoqda. Hozirgi paytda barcha yoqilg‘i-energetika obektlarida maxsus navbatchilik shtablari tashkil etilgan bo‘lib, mutaxassislar tomonidan yuzaga kelgan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
“Fursatdan foydalanib, iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya resurslari barqarorligini ta’minlash maqsadida, imkon qadar ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib o‘tamiz. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, — deyiladi izohda.


