Ommaviy soch olish “tadbiri” tashabbusi maktab direktoridan chiqqani, milliy gvardiya xodimlari esa jarayon ustiga borib qolgani aytilmoqda. Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bu oqlab bo‘lmas holat ekanligini bildirdi.
Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgan. Holat bugun, 23 fevral kuni bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, maktab direktori Nurqobil Yusupov tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zalga yig‘ilib, sochi olingan. Jarayonni milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitovaga ko‘ra, bu holatni umuman oqlab bo‘lmaydi.
“Maktabga hozir odam jo‘natdim. O‘zi kecha gaplashgandim shu maktab direktori bilan. Ushbu maktab faoliyatini to‘liq o‘rganamiz. Bu holat umuman mumkin emas. Bunday direktor ishda qolishi ham mumkin emas aslida. Maktabda o‘quvchining sochiga tegishga umuman haqqi yo‘q. Pedagogning etika qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi bu”, - deya holatni izohladi boshqarma boshlig‘i.
Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning ta’kidlashicha, milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi bo‘lishgan.


