Biz tomonlardagi qir-u yaylovlar bahor kelishi bilan yam-yashil o‘tlar bilan qoplanadi. Go‘yoki, tabiat egniga yashil matodan libos kiyadi. Hisobsiz qirlarning yuzida esa to‘p-to‘p bo‘lib yurgan qo‘y-qo‘zilarning qorasi ko‘zga tashlanadi. Ko‘zi yoriganiga hali bir oy ham bo‘lmagan toychoqlar kengliklar bo‘ylab tinimsiz yuguradi. Dadam ukam va meni zarang (zichlangan, qattiq) yerli o‘tloq ustida qo‘shni bolalar bilan olish tushtiradi. Voha tomonda kurashni ko‘p hollarda olish deb atashadi. Belimizga ayamni ro‘molini bog‘lab olib, o‘zimizcha kurashning har xil usullarini o‘rganishga harakat qilamiz. Biz tomonlarga bahor har safar ana shu tahlid tashrif buyuradi. Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan sayillar kurashsiz o‘tmaydi. Dadam esa bizni o‘sha kurash musobaqalariga tayyorlardi. Sababi, bu kabi bellashuvlarda har bir bola yoki yigit kurash tushishi shart. Hozirga qadar bu an’ana biz tomonlarda davom etib kelmoqda, Darveshona esa necha yillardan beri, bahor kelishi bilan odamlar intiq kutadigan Navro‘z sayillaridan biri. Unda yillar osha saqlanib qolgan xalq o‘yinlari, milliy an’analarning hamon avloddan-avlodga o‘tib davom etib kelayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Aslida darveshona atamasi qayerdan kelib chiqqan? Uning xalq orasida sevimli Navro‘z sayillaridan biriga aylanishiga sabab nima? [/media/uploads/2024/03/03/photo_2024-03-07_16-44-08.webp] Darvesh-qalandarlar uchun mo‘ljallangan marosim Ma’lumotlarga ko‘ra, darveshona bahor faslida qishloqlarda va shahar mahallalarida hududlar aholisidan to‘plangan pul yoki oziq ovqat hisobiga o‘tkaziladigan xayriya marosimi hisoblanadi. Uning kelib chiqish tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Qadimdan bu marosim erta ko‘klam kunlarida, Navro‘z arafasida o‘tkazilgan. Qishloq ahli, qishloq chetidagi hududga to‘planib, jonliq so‘yishgan va shu yerda biror taom pishirishgan. Bu taomni yo‘lda ketayotgan darvesh-qalandarlar, sayyoh-yo‘lovchilar, gadoy-tilanchilar yeyishi lozim bo‘lgan. Shu sababdan ham bu marosim darveshona deb atalgan bo‘lishi mumkin degan taxminlar mavjud. Bundan tashqari darveshonaga tayyorlangan taom qishloq odamlari tomonidan yig‘ilgan pul yoki mahsulot asosida pishirilgan hamda o‘sha yerning o‘zida yeyilgan. Bu ehson taomi hisoblanganligi sababli, uyga olib ketilmagan. Marosimning hozirgi ko‘rinishi qadimgilaridan biroz farq qiladi. Ilgari darveshona taomini faqat darvesh-qalandarlar hamda gadolarga tarqatishgan bo‘lsa, hozir qishloq ahli o‘zi totadi. Yoshi ulug‘lar, bemorlar, kam ta’minlangan xonadonlar yo‘qlanadi. So‘ngra barcha Yaratgandan yil barakali kelishini, ekinlar serhosil bo‘lishini so‘rab duo qilishadi. Xalqni birlashtirgan sayil Qishlog‘imizda darveshona o‘tkaziladigan kuni dadam, ukam ikkalamizni ertalab barvaqt uyg‘otardi. Sababi, sayil o‘tadigan hududga borib, yoshi kattalarga yordam berishimiz lozim bo‘lardi. Bizdan tashqari qishloqning barcha bolalari u yerga yig‘ilardi. Ayrimlarimiz eshak-aravalarda yaqin bo‘lgan uylardan suv tashisak, ayrim bolalar o‘tin yig‘ishga kirishib ketardi. Menga darveshona sabab, butun qishloq ahli bir joyga yig‘ilishi, o‘zgacha xursandchilik ulashardi. Bu yerdagi barcha bir-biriga ba’zi ishlarda ko‘maklashishar, hol-ahvol so‘rashishardi. Go‘yoki, darveshona sayli boshqa bayramlardan insoniy tuyg‘ularni bir joyga jamlay olgani bilan ham ajralib turardi. Biz bolalar buni bir yil davomida intizorlik bilan kutardik. [/media/uploads/2024/02/26/photo_2024-03-07_16-44-35.webp] Quyoshning bahorga atalgan nurlari badanni isitishni boshlaydi. Qishloqning har to‘rt tomonidan odamlar sayil o‘tadigan joyni qora tortib kelaverishadi. Bu vaqt ichida o‘tgan yildan qolgan yer o‘choq qayta qazilib, taom uchun qozon osiladi. Yoshi ulug‘lar allaqachon, sabzilarni to‘g‘rab, oshga solish uchun tayyor holga keltirib qo‘yishgan. Yam-yashil o‘tloq ustiga gilamlar yozilib, ko‘rpachalar to‘shalgan. Uzun dasturxon har xil bahorgi noz-ne’matlar bilan bezatiladi. Olovlangan qozon uzra havoga tutun o‘rlaydi. Atrofga bolalarning shovqini yoyiladi. Tushga yaqin qishloq ayollari-yu qizlari ko‘rinish beradi. Soylikning bir tomoniga gilamlarni doira shaklida yozishib joylashishadi. Bir mahal oshpazning “eyy, xizmatdagilar palov pishdi, tovoqlarni tayyorlang” degan ovozi eshitiladi. Shundan so‘ng, palov qo‘lma-qo‘l qilinib, birinchi galda ayollarga, undan keyin keksalarga tortiladi. Shuningdek, oshdan bemorlar va kam ta’minlanganlar uchun alohida tovoqlarga olib qo‘yiladi. Barcha taomlanib bo‘lgach, xalq o‘yinlari-yu sport musobaqalariga start beriladi. Yigitlar davra qurib kurash tushishsa, ayollar arqon tortish, ko‘zboylog‘ich kabi o‘yinlarni o‘ynashadi. Dadam davra aylanib ukam ikkimizni kurash sari undaydi. Hatto, yosh bola uchun ham olishda raqibdan yiqilishdan og‘ir narsaning o‘zi yo‘q. Bu kabi xalq o‘yinlari-yu kurash musobaqalari quyosh ufqqa botgunga qadar davom etadi. [/media/uploads/2024/03/04/photo_2024-03-07_16-44-05.webp] Yangi yilning boshlanishi Bugungi kunda yurtimizning barcha voha-yu vodiylarida Navro‘z sayillari keng nishonlanadi. Shuningdek, turli hudud aholisining juda ko‘pchiligi ushbu sayilni darveshona deb ataydi. Bu so‘z shevalarda turlicha talaffuz qilinadi. Masalan, Farg‘onada darishana shaklida qo‘llanadi. Aytilishi deyarli o‘xshash bo‘lgan mazkur sayilni respublikamizning barcha joylarida katta xursandchilik bilan kutib olishadi va undan so‘ng yangi yil qarshi olinadi. Bu yilgi Navro‘z ayyomi ham tobora yaqinlashib qolmoqda. Qishloqlar-u ovullarda esa allaqachon, darveshonalar boshlanib ketgan. Jamshidbek Amirov tayyorladi. * Suratlar Samarqand viloyati Nurobod tumanida joylashgan Nurdum qishlog'ida olingan.