1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Dastro‘molni hilpiratib, valsni qoyillatayotganlar, birovning “nog‘orasi”ga o‘ynamang!

Andijon polkasining doira ritmi andijonlik yigitlarning shaxdam qadam tovushlaridan olingan.

Dastro‘molni hilpiratib, valsni qoyillatayotganlar, birovning “nog‘orasi”ga o‘ynamang!

 

Andijon polkasi yaralganiga 100 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan Andijon polkasi raqsini YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish taklif qilindi. Bu haqdagi tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi turizm sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda ilgari surildi. 

 

Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov tashabbusi bilan korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalarida har tong bo‘ladigan badantarbiya mashg‘ulotlarini aynan shu musiqa sadolari ostida tashkil etish tavsiya qilindi. Mahalla fuqarolari yig‘inlarida ham tonggi 5000 qadam loyihasining shu musiqa sadolari ostida amalga oshirilishi, odat tusiga aylantirilishi belgilandi. 

 

Tabiiyki, bu jarayon ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Ayrim «Tirnoq ostidan kir qidiruvchi» yurtdoshlarimiz esa buni o‘zining fahmicha talqin qilib, “sharmandalik”, deb atashdi. Aslida Prezident tashabbus qilmaguniga qadar milliy iftixorimiz ramzi bo‘lgan milliy kuylarimizni qadrlay olmayotganimiz, ularning umrboqiyligini taʼminlash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmaganimiz haqiqiy sharmandalikdir.

 

To‘y-bazmlarda Andijon polkasi yoki Dilxirojga o‘ynamaganimizga ancha bo‘ldi. Bugun o‘ynashni bilmasak ham kerak, lekin «Lezginka»ga dastro‘molni hilpiratib o‘ynagan yigitlarni ko‘rib sharmandalik demaymiz?

 

Kelinlar esa orqasiga gul otishni, valsni, xullas, ko‘chirmakashlikni qoyillatayotganini to‘g‘ri tushunamizu, ammo soddadil xalqimiz Andijon polkasini tinglab, unga xirom aylasa, shu yo‘sinda bolaligini, yoshligini xotirlasa, kinoyali boqamiz, masxara qilamiz. 

Kesatiqli bo‘lsa ham «Birovning nog‘orasiga o‘ynama», degan naql bejizga aytilmagan. Kimligidan uyalgan yoki kimligini bilmagan millat xalq bo‘lolmaydi. Kim qanday nog‘ora chalsa, shunga o‘ynayveradi. O‘zligini anglagan odam o‘zini hurmat qilgan odamdir. Shunda millat qudratli, maʼnaviyati esa mustahkam bo‘ladi. 

 

Yangraganida yoshu keksani to‘lqinlantirib yuboradigan, tanaga jo‘shqinlik, ruhga ko‘tarinkilik beradigan kuylardan biri – «Andijon polkasi»ga O‘zbekiston xalq artisti Orifjon (garmon) Toshmatov mualliflik qilgan. 

 

«Andijon polkasi» raqsining yigitlar variantini haqiqiy andijoncha usulda yaratgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdug‘affor Qodirov, folklorshunos sanʼatkor Mo‘minjon Abduvaliyevlarning aytishicha, o‘sha paytlarda hozirgi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi raqs maydonida ko‘p sanʼatkorlar, sozandalar muntazam yig‘ilib turar ekan. Andijonlik yigitlar bu yerga kelib, raqs tushishar, qo‘shiq bazmlari ham bo‘lar ekan. Ularning oyoq tashlashlarini ko‘p bor maroq bilan kuzatgan Orif garmon shular uchun bir musiqa yaratay, deb «Andijon polkasi»ni kashf qilgan.

 

Biz o‘lmas maʼnaviy meroslarimizni avloddan-avlodga o‘tib, yana-da qadr topmog‘i yo‘lida jipslashdik. Andijonliklar qo‘lini-qo‘liga berib, qalbdan ixtiyor etib Andijon polkasiga o‘ynamoqda. Bu masalaga davlat siyosati darajasida qaralayotgani esa faxrimizni oshirmoqda. 

 

Yangi O‘zbekistonda yangicha qadr topayotgan «Andijon polkasi» dunyo ayvonlarida yangrab, andijonlik yigitlar shahdidan so‘zlayversin.

 

Kamola Abduvaliyeva,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика