«Ochiq aytish kerak – hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda.
Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, taʼbir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Yaʼni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va masʼuliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashga haqqi yo‘q.
Agar vazirning o‘z sohasi bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan aniq yondashuvlari bo‘lmasa, uning faoliyati tufayli odamlarning og‘iri yengil bo‘lmasa, o‘zingiz ayting, bunday rahbardan nima naf bor?
Shuning uchun, yangi maʼmuriy islohotlar to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim. Bunga uzoq tayyorgarlik qildik», — Shavkat Mirziyoyev.
Vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi», — Prezident
«Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi.
Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi.
Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi», — Shavkat Mirziyoyev.
Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqaradi.
«Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. O‘ylaymanki, bunday yondashuv adolatli bo‘ladi.
Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.
Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshiriladi.
Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi. Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ beriladi.
Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi», — Prezident.


