1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Diniy idora Umra yo‘lidagi firibgarlikdan ogohlantirmoqda

Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Diniy idora Umra yo‘lidagi firibgarlikdan ogohlantirmoqda

 


Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra to‘lovi bilan bog‘liq ayrim fuqarolarning firibgarliklari aks etgan chiqishlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Maʼlumki, umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida amalga oshiriladi

 

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOMda: – to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi, deb belgilab qo‘yilgan. Shu bois, “Haj” va “Umra” safarlari to‘lovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas. 

 

 Afsuski, ayrim shaxslar mo‘min-musulmonlar ishonchini suiisteʼmol qilib, umra amalini niyat qilgan hamyurtlarimizning pullarini aldov yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh bo‘lishi lozim.

 

Taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro‘yxati asosida umra ibodatini amalga oshiradi. Yaʼni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Bungacha bo‘lgan jarayonlar, yaʼni umra navbatini yuritish va fuqarolardan to‘lovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.

 

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab o‘rganishni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bog‘lab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot shaʼni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot bo‘lishni so‘raymiz.

 

Aholi orasida asossiz maʼlumotlarni tarqatish Islom dini taʼlimotiga ko‘ra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

 

Maʼlumot o‘rnida, umra ziyoratchilari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика