Diqqatni jamlash - bu asosan psixologik jarayon bo’lib, miyadagi barcha fikrlarni bir joyda to’plash hisoblanadi. Bu protsesda inson avvalo, fikrlar ketma-ketligini yo’lga qo’yib olishi lozim bo’ladi. Buni bajarish esa har bir insonning o’ziga bog’liq. Diqqatni jamlash borasida kishi hayolida har qancha fikr, ilm bo’lmasin u o’z o’rniga qo’yilsa, kishida yangi ma’lumotlarni samarali tarzda qabul qilishi, o’zlashtirishi va atrofdagilarga tortiq qilish orqali foydali natijaga erishsa bo’ladi. Masalan; majlislarda, asosan suhbatlarda o’z fikrini ifoda etayotgan shaxs qaysi mavzuda suhbat qurishi haqida biroz muddat bo’lsa-da tayyorlanib boradi, diqqatni jamlagan holda so’z yuritadi. Biroq, aksariyat hollarda kishi har qancha ma’lumotga ega bo’lmasin tortinish, uyalish hissi orqali hayajon bosadi. Shu bois o’z fikrini ifoda eta olmaydi.
Tortinish hissini yo’qotishning o’z mashqlari bor. Ulardan to’g’ri foydalanilsa samarali natija beradi. Bu mashqlar asosan amaliy tarzda yuzaga chiqadi. Ko’proq insonlar davrasida bo’lish, omma bilan muloqot o’rnatish jarayoni esa oson kechmaydi, albatta. Sababi turli harakterga ega bo’lgan shaxslar bilan muloqot o’rnatish biroz bo’lsada mushkul jarayon hisoblanadi. Tabiatan kirishimli shaxslar uchun esa bu jarayon oson kichadi. Lekin, og’ir-bosiq harakterli shaxslarda bu protses anchagina qiyin kichadi. Shu sababli ular davralarda kamdan-kam ko’rinish beradi va suhbatlarga ham unchalik qo’shilmaydi.
O’z ustida ko’p ishlagan kishi mashaqqatlar orqali yaxshi natijaga erisha oladi. Ayrim suhbatlarga e’tibor bergan bo’lsangiz qarshi tomon har doim ham sizni tinglayvermaydi, sizning yoningizda bo’lgan taqdirda ham hayollari boshqa olamni kezib yuradi. So’zlovchi va tinglovchi ya’ni ikki suhbatdosh bir-birini o’zaro hurmat qilgandagina suhbat samarali tarzda o’tadi. Suhbatingiz esa qizg’in kechishi, ikki tomonning qay mavzuda suhbat qurishiga bog’liq. Dunyoqarashlar, harakter kabilar o’xshash bo’lsa ikki suhbatdosh orasida biroz bo’lsa-da yaqinlik paydo bo’ladi va bu yangi suhbatlarni paydo bo’lishiga hissa qo’shadi.
Diqqatni jamlash borasida kichik sinfdagi o’qituvchi va o’quvchi orasidagi munosabatni misol qilib keltirsak; sinfdagi taxminan 30% o’quvchi, o’qituvchi tomonidan berilgan ma’lumotlarni ko’z bilan ko’rish, tinglash orqali qabul qiladi. Boshqa ayrim o’quvchilar esa fikrni, diqqatni jamlay olmagani bois ilm olishi qolganlarga nisbatan sustroq bo’ladi.
Diqqatni jamlashni chalg’ituvchi vositalar bu, asosan, ovoz, turli harakatlar va ong ostidagi o’y-hayollar kabilarni o’z ichiga oladi. Bugungi kunda chet el olimlari va yozuvchilari tomonidan diqqatni jamlash borasida turli kitoblar chop etilgan.
Fayzullayeva Farzona tayyorladi


