1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkent shahri va 15 ta tumanda dorilarni elektron retsept asosida berish tartibi joriy etildi

“Elektron retsept” tizimi sinov tariqasida ishga tushirilib, 2027-yildan to‘liq joriy etiladi.

Toshkent shahri va 15 ta tumanda dorilarni elektron retsept asosida berish tartibi joriy etildi

2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahrida hamda boshqa bir qator hududlarda dorilarni sotish bo‘yicha yangi tartib amaliyotga kiritildi. Ushbu tartibga muvofiq, ko‘plab dori vositalari faqat shifokor retsepti bilan beriladi. Retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan preparatlar ro‘yxatiga qariyb 13 ming nomdagi dori vositalari kiritilgan. Ular qatorida antibiotiklar, gormonal preparatlar, psixotrop moddalar, shuningdek tibbiy spirt ham mavjud.

 

Sog‘liqni saqlash tizimida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar doirasida “Elektron retsept” DMED axborot tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 570-sonli qarorida qayd etilgan.

 

Mazkur hujjatga ko‘ra, 2025-yil 10-dekabrdan Toshkent shahrida hamda mamlakatning 15 ta shahar va tumanida “Elektron retsept” tizimi sinov tariqasida ishga tushiriladi. 2026-yil oxirigacha barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarni tizimga ulash rejalashtirilgan. To‘liq joriy etish 2027-yil yanvar oyidan boshlanishi belgilangan.

 

Tibbiy va farmatsevtika tashkilotlarining barchasi DMED raqamli sog‘liqni saqlash platformasi orqali faoliyat yuritishi shart bo‘ladi. Platforma to‘liq ishga tushguniga qadar sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi elektron sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish davom ettiriladi.

 

Retsept asosida beriladigan dori vositalarini tayinlash va ulardan foydalanish jarayoni raqamli shaklga o‘tkaziladi va avtomatik tarzda “Elektron retsept” moduliga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, shifokorlar buyuriladigan dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomlar orqali belgilashi lozim bo‘ladi (faqat ayrim kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop moddalar va reim-bursatsiya dasturiga kirgan preparatlar bundan mustasno).

 

Elektron retsept orqali dori vositalarini olish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1. Bemor shifokorga murojaat qiladi va davolash klinik protokollar asosida belgilanadi.

2. Bemor ma’lumotlari hamda buyurilgan dori vositalari tibbiy axborot tizimiga kiritilib, elektron tibbiy karta shakllantiriladi.

3. Shifokor elektron imzo va QR-kod bilan tasdiqlangan elektron retseptni rasmiylashtiradi.

4. Bemor yoki uning vakili dorixonaga murojaat qiladi; farmatsevt retseptni tekshirib, dorini berib, ma’lumotlarni tizimga kiritadi.

5. Zarur holatlarda shifokor elektron retseptni qog‘oz shaklida bemorga taqdim etishi mumkin.

 

Stasionar davolanishdan o‘tgan bemorlar uchun elektron retseptlar davolanish tarixi bilan birgalikda tuziladi va dori qabul qilish muddatlari aniq ko‘rsatiladi.

 

Elektron retseptda quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:

– tibbiy tashkilot va uning litsenziyasi haqida ma’lumotlar;

– bemorning shaxsiy ma’lumotlari (JShShIR, F.I.Sh., tug‘ilgan sana);

– MKB bo‘yicha diagnoz;

– dori vositasining nomi, dozasi, qabul qilish tartibi va muddati;

– retsept raqami va berilgan sana;

– shifokor ma’lumotlari.

 

Elektron retsept orqali faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari beriladi. Farmatsevtlar dori vositasining seriyasi, yaroqlilik muddati va partiyasini tizimga kiritishi lozim. Shifokorlar esa preparatlar harakatini onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Elektron retsept tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmagan holatlarda hamda mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagan dorilar (orfan preparatlar bundan mustasno) uchun rasmiylashtirilmaydi. Anesteziya vositalari uchun ham elektron retsept tuzilmaydi.

 

Elektron retseptlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish ustidan nazorat sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Dorixonalarda tizimdan foydalanish bo‘yicha nazorat esa farmatsevtika xavfsizligi markaziga yuklatiladi.

 

Hujjatga muvofiq, kuchli ta’sir qiluvchi, narkotik va psixotrop moddalar toifasiga kiruvchi preparatlarni hisobga olish mexanizmi 2027-yil 1-yanvargacha ishlab chiqilishi lozim.

 

2025-yil 9-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 817 nomdagi dori vositasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular faqat elektron retsept asosida beriladi. Ro‘yxatda antibiotiklar, gormonal va psixotrop preparatlar, shuningdek analgin, diklofenak, askorbin kislotasi, etil spirti 70 foiz, lidokain va boshqa vositalar mavjud.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, yangi tizim noqonuniy retsept rasmiylashtirish holatlarini kamaytiradi, polipragmaziyani (dori vositalarining asossiz ko‘p qo‘llanilishi) cheklaydi, farmatsevtika bozorining shaffofligini oshiradi hamda dorixonalar uchun teng sharoit yaratadi. Shuningdek, tizim orqali kontrabanda yoki noqonuniy farmatsevtika mahsulotlarini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика