Tadbir 17-yanvar kuni Fonon zargarlik uyi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda ishtirokchilarga xalqaro standartlarga ko‘ra qimmatbaho toshlarning baholanish mezonlari, tabiiy va sunʼiy toshlarni farqlash usullari hamda sertifikatlarning haqiqiyligini aniqlash texnikalari o‘rgatildi.

Mashg‘ulotda dastlab turkiyalik luks brendlar bo‘yicha konsultant Ekrem Sag‘el tomonidan maxsus prezentatsiya taqdim etildi. Unda qimmatbaho toshlarni xarid qilishda eng ko‘p uchraydigan xatolar va ularning oldini olish yo‘llari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Xalqaro maydonda 30 yillik tajribaga ega Ekrem Sag‘elning taʼkidlashicha, u qariyb 3 yildan buyon O‘zbekistonning turli hududlaridagi bozorlarni tadqiq qilish uchun aylanib chiqqan. Mutaxassis o‘rganish jarayonida olmos sifati, laboratoriya va tabiiy toshlar o‘rtasidagi farqlar hamda baholash shkalalari bo‘yicha sotuvchilarga savollar ham berib ko‘rgan. Baʼzan u bergan savollariga qoniqarli javob ololmagan holatlari ham uchragan.
Shuningdek, mutaxassis mahalliy bozorda ommalashgan “Dubay brillianti” va “Turkiya brillianti” kabi atamalar noto‘g‘ri talqin qilinishi haqida so‘z yuritdi. Sababi Dubay va Turkiyada olmos qazib olinmaydi. Shuning uchun, Dubay va Turkiya brillianti emas, u yerlarda yasalgan brilliant modeli deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki Olmos dunyo bo‘yicha asosan Rossiya, Janubiy Afrika, Botsvana, Kanada va Angola hududlarida qazib olinadi. Bundan tashqari, Ekrem Sag‘el oltin sifati bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallashini ham qayd etdi.


Tadbirning amaliy qismi Fonon zargarlik uyi tijorat direktori, qimmatbaho toshlar va brilliant bo‘yicha ekspert Bekzod Solixov boshchiligida tashkil etildi. Bekzod Solixovning taʼkidlashicha, xaridor zargarlik buyumining sertifikati aynan xarid qilinayotgan mahsulotga tegishli ekanligini mustaqil aniqlashi hamda mahsulot sifatini o‘zi tekshirishi ham mumkin.
Mahalliy bozorda uzoq yillar davomida hunarmandchilik sifatida qolib ketgan zargarlik sohasi bugungi kunda sanoat darajasida shakllanib bormoqda. Tashkilotchilarga ko‘ra, bu turdagi master-klasslarni kelgusida butun O‘zbekiston bo‘ylab zargarlar va xaridorlar uchun ham tashkil etish rejalashtirilmoqda.







