Keniya poytaxti Nayrobida 13—19-noyabr kunlari global plastik ifloslanishni cheklash bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2023-yilning mart oyida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, dunyo okeanlariga kiruvchi plastmassa miqdori 2005-yildan beri misli ko‘rilmagan darajaga yetdi va agar chiqindilar ko‘payishini cheklash choralari ko‘rilmasa, 2040 yilga kelib uch baravar oshishi mumkin. Bu holat agar BMT davlatlari plastmassa ishlab chiqarish va undan foydalanishni cheklash to‘g‘risidagi bitimni imzolamasa sodir bo‘ladi. Mikroplastmassalar okeanlar uchun ayniqsa xavflidir: ular nafaqat suvni ifloslantiradi, balki plastmassani oziq-ovqat deb adashtirgan dengiz hayvonlarining ichki organlariga ham zarar yetkazadi.


