Bitta tumanga bir yilning o‘zida o‘n ikki million nafardan ortiq sayyoh kelib-ketgan. Besh-olti yil oldin bu raqam bor-yo‘g‘i 800-900 ming kishi edi. Gap ulkan tog‘lar bag‘rida joylashgan Bo‘stonliq tumani haqida bormoqda.
Hududda keyingi yillarda infratuzilma yaxshilandi. Aytaylik, besh yil avval bu yerda o‘ttizga yaqin sayyohlik ob’ekti bo‘lgan. Sohaga ikki trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, oltmishga yaqin yirik turizm maskani foydalanishga topshirildi. Ta’mirtalab sanatoriy va boshqa ob’ektlar yangilandi. Aholi va keluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlandi. Qo‘shimcha ko‘chalar bunyod etildi.
Bu raqamlar sohadagi islohotlarning yuqori marrasi emas. Rejalar katta. Yana yangi dam olish, sog‘lomlashtirish, sayohat majmualari barpo etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni tumanda amalga oshirilayotgan turizm yo‘nalishidagi yirik loyihalar bilan tanishgan edi. Tashrifdan so‘ng ushbu maskanlarda bo‘ldik, soha mas’ullari bilan suhbatlashdik.
Ulardan biri “Ugam River” sayyohlik majmuasi. Hududdan oqib o‘tuvchi Ugam daryosi bo‘yidagi qariyb 14 gektar maydonda shu yilning may oyida qurilish ishlari boshlandi. Majmuaning umumiy qiymati 1,1 trillion so‘m bo‘lib, bu yerda o‘n yettida 870 xonadonli turar joy binolari qad ko‘tarmoqda. Shuningdek, restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, sog‘lomlashtirish maskani, ikki qavatli kottejlar, avtoturargoh va infrastruktura ob’ektlari qurilmoqda. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, sport maydonlari, amfiteatr, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.
E’tiborlisi, majmua yiliga ikki yuz ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu viloyat turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Sayyohlar ko‘proq tabiat qo‘yniga intiladi. Bu loyihani amalga oshirishda esa tabiat go‘zalligi, milliy kolorit va zamonaviylik uyg‘unlashishiga e’tibor qaratilmoqda. Shuni inobatga olgan holda mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqazilmoqda.
– Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida Bo‘stonliqning tabiati targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni ko‘proq jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Turizm loyihalari amalga oshayotgani tufayli ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Yana bir jihat, tuman asal, limon yetishtirish uchun ham ancha mos. Bu yo‘nalishlarni rivojlantirish lozimligi aytildi. Bir so‘z bilan aytganda, hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz ko‘p. Prezident topshiriqlari ijrosini amalga oshirib, bu imkoniyatlardan oqilona foydalansak har jihatdan foydali bo‘ladi.
Darhaqiqat, “Ugam River” sayyohlik majmuasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda kuniga ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. Shuningdek, ikki mega-vattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda rejadagi ko‘p qavatli uylar kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari tumanga tashrifi davomida bunday boshqa loyihalar bilan ham tanishgan edi. Yigirma besh gektar maydonda “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi bunyod etilmoqda. Majmuada ko‘p qavatli uylar, uchta mehmonxona, ikkita supermarket, oltmishdan ortiq savdo, maishiy xizmat shoxobchalari, restoranlar, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh quriladi. Bu tashabbus amalga oshganidan so‘ng kuniga besh mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘ladi. Yana bir yangi turizm maskani oynavand kapsula shaklidagi uylardan iborat bo‘ladi. Ushbu zamonaviy dam olish go‘shasida tamaddixonalar, dor yo‘llari va chang‘i uchish maydonlari tashkil etiladi. O‘tgan hafta boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan ham tanishdi.


