«Ertalab ishxonamga kirdim-u, xonani egallab olgan soyabonlar oralab yurarkanman, sumkamga qo‘l uzatdim. Yo‘q! Yangi yilda farzandlarimiz uchun Qorbobo chaqirgan turmush o‘rtog‘im meni ham hayratlantirish istagida sovg‘a to‘la qopga soyabon solib qo‘ygan ekan. Qor-yomg‘ir yog‘sa, yuzasida gulchalar paydo bo‘ladigan binafsharang soyabonni qo‘limga olganimda, qanchalik xursand bo‘lganimni bilsangiz edi. Qarang, esipastlik qilib, erimning kutilmagan sovg‘asini qayerdadir — bekatda yoki taksida unutib qoldiribman. Bugun birinchi bor taqishim edi-ya! Endi... Endi nima qilaman? Azboroyi ishdan keyin soyabonsiz yomg‘irdan ivib ketishimga emas, turmush o‘rtog‘im bilib qolsa, xafa bo‘lishidan tashvishlanardim. Tushlik payti ishxonamizga yaqin magazinga borib, xuddi shunaqasini qidirib ko‘raman. Topolmasam, bozorga chopaman. Xayolimda kechgacha soyabonni «iziga qaytarish» yo‘llarini izlab, rejalar tuza boshladim. shunga yarasha ishim ham kayfiyatsiz boshlandi. Hamkasblarimdan biri odamlarda vijdon tuyg‘usi yo‘qolib borayotganidan gap ochdi. Kecha do‘konga kirganida kassa oldida hamyonini unutib qoldirganini va 15 daqiqadan keyin ortiga qaytib topolmaganini aytdi. Beixtiyor hammamiz unga qo‘shildik. Ammo soyabonim haqida og‘iz ochmadim. Shunchaki tushlikda men ham do‘konga o‘tib kelmoqchiligimni, soyabon olmasam bo‘lmasligini gap orasida qistirib o‘tdim. Tezroq tushlik bo‘lishini intiq kutib o‘tirganimda, ofisimiz qorovulxonasidan ko‘ng‘iroq bo‘ldi. Meni so‘rab kelishibdi. «Kim ekan, shoshib turganimda», deya uf-uflab pastga tushdim. Kiraverishdagi xollda taksichi yigit turardi, qo‘lida soyabonim! Mashinaning orqa o‘rindig‘iga chiqqan yo‘lovchi «Ayolingizning soyaboni shekilli», deya yuqoriga olib qo‘yayotgan ekan, haydovchi hayron qolibdi. Keyin ertalab meni shu ofisga tashlab o‘tgani esiga tushibdi va mijozini manziliga yetkazgach, iziga qaytibdi. Biroq yo‘lda aeroportga shoshayotgan yana ikki yo‘lovchiga xizmat qilishiga to‘g‘ri kelibdi. Shu sabab oradan ikki soatcha o‘tib, ishxonamga yetib kelgan. Soyabonimni qo‘limga olarkanman, «Haqiqiy Qorbobo ekansiz», dedim jilmayib. “Yo‘g‘ey”, degancha yaxshi inson mashinasi tomon chopdi. Yaxshi insonlar bor ekan, dunyoning tomi — vijdon».