Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan Namangan, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta korrupsiya holatlari aniqlanib, mansabdor shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda Zamon.uz ga DXX xabar berdi.
Namangan viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasining bosh mutaxassisi 2024-yil yanvar oyida 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning ishini qayta ko‘rib chiqib, yengilroq jazo tayinlash uchun sud tizimidagi tanishlari orqali 30 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX va Ijro hujjatlarini ta’minlash departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda u 10 ming dollarni olayotganida ushlandi. Qayd etilishicha, ushbu shaxs ilgari ham firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun bir necha bor sudlangan.
Yana Namangan viloyatida mol-mulklarni baholash bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari 783 million so‘mlik soliq qarzdorligini 141 million so‘mgacha kamaytirib berish evaziga 4400 AQSh dollari olgan va ayni vaqtda qo‘lga olingan. Shuningdek, ushbu poraga aloqador bo‘lgan viloyat soliq boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i ham 4400 dollarni olayotganda ushlangan.
Toshkent shahrida, Mirobod tuman hokimligiga qarashli Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasport rasmiylashtirib berish va doimiy ro‘yxatga qo‘yish evaziga 1200 dollar pora olayotganida DXX tomonidan qo‘lga olingan.
Qashqadaryo viloyatida esa Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi davlat ijrochisi 70 million so‘mlik qarzni undirmaslik uchun, qarzdorning avtotransportiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan. Pul mablag‘i Qarshi tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari orqali berilayotganida ushlangan.
Hozirda barcha gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Davlat organlari korrupsiyaga qarshi kurashni qat’iy davom ettirishini ma’lum qilgan – aynan korrupsiya islohotlarning asosiy to‘sig‘i sifatida baholanmoqda.


