Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan ko‘p sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligining xabar berishicha, 6-iyul kuni Buxoro viloyati hokimligi A-380 avtomobil yo‘lining 150-228 km uzunlikdagi “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” qismini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqlash uchun Ekologiya vazirligiga yuborgan. Loyihada 31 371 ta daraxt va butalarni yaqin atrofdagi bo'sh joylarga ko'chirib o'tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 7-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan 4R-100 “Mangʻuzor-Jarqoʻrgʻon-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yoʻlining 128-174 km va 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan 21 803 dona daraxtni belgilangan tartibda koʻchirib oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab, vazirlikka murojaat qilingan.
"Ma’lumot uchun: Bosh vazir o‘rinbosari J. A. Xodjayev tomonidan imzolangan Hukumat komissiyasining 21-iyuldagi 58-son bayonnomasiga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko'chirish bo'yicha Hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirilgan", — deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlikning qo'shimcha qilishicha, ushbu hujjatda daraxtlarni kesish haqida birorta ham so'z, shuningdek, bunday issiq mavsumda yashil maydonlar bilan biron bir chora ko'rish bo'yicha ko'rsatmalar yo'q.


