Aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyoti joriy etiladi.
Farmonga muvofiq, quyidagilar tasdiqlandi:
O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi hamda uning maqsadli ko‘rsatkichlari;
Mazkur strategiyani 2022-2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.
Moliya vazirligi tarkibida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi.
2022-yil 1-sentyabrdan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal isteʼmol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi.
Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.
2023-yil 1-martgacha davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati shakllantiriladi.
2023-yil 1-iyulgacha kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlari tasdiqlanadi.