Senatning 24-yanvarda bo'lib o'tgan majlisida avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi. Mazkur qonun 2024-yil 16-avgustda o‘tgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham ko‘rilgan edi. Avvalgi muhokamalar jarayonida senatorlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yo‘l harakati ishtirokchilarining tegishli qoidalarga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, respublika hududida yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotgani va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetayotganligi haqida o‘z fikrlarini bildirgandi.
Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.


