Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8 iyuldagi majlisida 90 kun yoki undan ortiq muddat chet elda bo‘lib qaytgan o‘zbekistonliklar va xorijliklarni OIVga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Xususan, qonun loyihasi bilan uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari va mamlakat hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekiston doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa — o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan taʼminlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi va Senatga yuborildi.


