1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Energetik ichimliklar reklamasi taqiqlandi

Ko‘plab muhokamalardan so‘ng "Reklama to‘g‘risida"gi qonun tashqi obyektlar orqali energetik ichimliklarni reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirildi.

Energetik ichimliklar reklamasi taqiqlandi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 16-noyabr kuni bo`lib o`tgan yalpi majlisida "Reklama to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan va reklama materiallarida mualliflik huquqiga taʼsir qiluvchi, pornografiya tusidagi axborotlar hamda davlat ramzlaridan foydalanishga taqiq qo‘yilgandi.

 

Deputatlar tomonidan bunga qo‘shimcha ravishda qonunning yana 2 ta moddasiga o‘zgartirish kiritish taklifi berildi.

 

Xususan, jamoatchilik orasida keng muhokama qilinayotgan energetik ichimliklar mavzusida keng baxs-munozaralar olib borildi. Ko‘plab muhokamalardan so‘ng, "Reklama to‘g‘risida"gi qonun tashqi obyektlar orqali energetik ichimliklarni reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirildi. Shuningdek, korrupsion holatlarning oldini olish uchun mazkur qonunning 25-moddasiga o‘zgartirish kiritish masalasi ilgari surildi.

 

Maʼlumot uchun, mazkur moddada reklama joylashtirish huquqi auksion orqali 10 yil muddatga berilishi belgilangandi. Ushbu 10 yillikdan so‘ng auksion savdosisiz, yana shuncha muddatga reklama huquqini olish normasi ham keltirilgandi.

 

Deputatning fikricha, bu normaga tuzatish kiritilishi va muddat tugagandan so‘ng reklama huquqi yana auksion orqali, g‘olib bo‘lgan shaxsga berilishi kerak. Yo‘qsa, ushbu holat korrupsiya shakllanishiga olib kelishi mumkin.

 

Takliflar orasida dori vositalari reklamasini taqiqlash haqida ham fikrlar berildi. Tashabbus ko‘rsatganlarning fikricha, namoyish qilinayotgan dorilarning katta qismi inson salomatligi uchun zararli. Shuningdek, reklama taʼsirida aholi orasida mutaxassis yo‘riqnomasisiz o‘z-o‘zini davolash holatlari ko‘payishi ehtimoli yuqori. Avval bu bilan bog‘liq nojo‘ya taʼsirlar kuzatilgan va yana kuzatilishi mumkin.

 

Barcha tomonlarning takliflari eshitildi va qo‘mita "Reklama to‘g‘risida"gi qonunning dorilar reklamasi xususidagi qismini qayta ko‘rish va yangicha tahririni taklif qilish qarorini qabul qildi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AOKA va IIV Axborot xizmati hamkorlikda narkotik moddalari reklamasi joylashtirilgan manzil haqida xabar qabul qiluvchi @stopnarko_bot Telegram botini ishga tushirgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda totalizator va bukmekerlik faoliyatini reklama qilayotgan 10 dan ortiq saytga kirish cheklangandi.

 

Maftuna Rejabboyeva

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика