Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning prezidentlik saylovida asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li daxlsizlikdan mahrum qilingani munosabati bilan sudlanishi mumkin.
Cumhuriyet gazetasining yozishicha, saylovda yutqazgan Qilichdoro‘g‘li parlamentga kira olmadi, chunki ijro hokimiyati rahbari bo‘lgan prezidentlikka nomzod bir vaqtning o‘zida deputatlikka nomzod bo‘la olmaydi. Shu sababli u “immuniteti” — daxlsizligini yo‘qotgan.
Qilichdoro‘g‘lining advokati Jalol Chelikning maʼlum qilishicha, hozirgacha Qilichdoro‘g‘liga qarshi 28 ta daʼvo qo‘zg‘atilgan va ular Anqara prokuraturasiga taqdim etilgan. Uning tushuntirishicha, o‘tmishdagi baʼzi ishlar Qilichdoro‘g‘lining daxlsizligi tufayli to‘xtatilgan edi, endi esa yana ochilishi mumkin.
Jurnalistlar tahliliga ko‘ra, Qilichdoro‘g‘lining hozir sudda bo‘lgan barcha maʼlum ishlari to‘plansa, 110 yillik qamoq jazosiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, Qilichdoro‘g‘liga qarshi daʼvolarning aksariyati amaldagi prezident Erdo‘g‘anni haqorat qilish bilan bog‘liq va uning advokatiga ko‘ra, parlament minbaridagi chiqishlar tergovga tortilmaydi.
Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, bu sud jarayonlari Qilichdoro‘g‘li uchun siyosatdan chetlatilishiga olib kelishi mumkin. Taʼkidlanishicha, hatto bir yildan ortiq har qanday qamoq jazosi siyosiy taqiqni anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 may kuni Turkiyada navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Birinchi tur natijalariga ko‘ra, nomzodlarning hech biri 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmadi. Saylovchilarning 49,52 foizi Erdo‘g‘anga, 44,88 foizi uning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘liga ovoz berdi. 28 may kuni Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li saylovning ikkinchi bosqichida «to‘qnash keldi» va Erdo‘g‘an 52,24 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, Qilichdoro‘g‘li 47,76 foiz ovoz to‘pladi.
Saylov natijalariga izoh bergan Qilichdoro‘g‘li, mamlakatdagi saylov jarayonini so‘nggi yillardagi eng adolatsizi deb atadi.


