Ukraina Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning tashrifiga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqida Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Nariman Jelal maʼlum qilgan.
Tashrifning asosiy mavzusi mamlakatlar o‘rtasidagi erkin savdo bitimini ratifikatsiya qilish bo‘lishi mumkin. Ushbu hujjat ham strategik hamkorlik, ham Ukraina biznesining katta qismi uchun muhim ahamiyatga ega.
“Biz hozirda Prezident Erdo‘g‘onning Ukrainaga tashrifini tashkil etish ustida faol ishlayapmiz. Prezident Zelenskiyning shaxsan o‘zi taklifnoma yuborgan. Bu tashrif katta saʼy-harakatlarni talab qiladi, chunki uni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab masalalar bor”, - dedi Jelal.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘on oxirgi marta 2022 yil 3 fevral kuni Kiyevga tashrif buyurgandi.


