Eron havo hududining vaqtincha yopilishi sababli bir qator xalqaro aviareyslar jo‘nash aeroportlariga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 15-yanvar kuni quyidagi aviakompaniyalar reyslari xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘z parvozlarini davom ettira olmagan va ortga qaytgan:
- Fly One Asia aviakompaniyasining 7Q7742 reysi (Madina – Toshkent) Madina aeroportiga qaytdi;
- Fly One Asia aviakompaniyasining 7Q4442 reysi (Madina – Farg‘ona) ham Madina aeroportiga qaytib keldi;
- Jazeera Airways aviakompaniyasining J9650 reysi (Toshkent – Quvayt) Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 02:01 da havoga ko‘tarilganiga qaramay, yana Toshkent xalqaro aeroportiga qaytdi;
- Sam Air aviakompaniyasining 9S3303 reysi (Samarqand – Jidda) Samarqanddan soat 02:04 da uchib chiqib, qayta Samarqand aeroportiga qo‘ndi;
- Fly Khiva aviakompaniyasining 2U7911 reysi (Urganch – Madina) Urganchdan soat 02:17 da uchib chiqib, yana jo‘nash aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi;
- Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY336 reysi (Jidda – Toshkent) ham Eron havo hududi yopilgani sababli Jidda aeroportiga qaytdi.


